Raqamli Kundalik v2.0

Bitta fleshkada ko'plab imkoniyatlar

MEME: Ventoy was invented in 2020 People before use lots of USB

Esingizdami, oldinlari uyimizga Windows qilgani usta kelsa, yonida bir dasta fleshka yoki disklar bo'lardi? Bittasida Windows 7, boshqasida Windows 10, yana birida drayverlar... Xuddi cho'ntak to'la kalit ko'tarib yurgandek gap.

Lekin 2020-yil! Endi har bir OS uchun alohida fleshka ko'tarib yurish shart emas.

Bugun bizga Ventoy degan dastur yordamga keladi. U bitta fleshkani shunday aqlli qiladiki, unga istalgancha ISO fayllarni shunchaki tashlab qo'yasiz va u hammasini birdan ko'ra oladi.

Tayyormisiz? Unda boshladik!


1-qadam: Ventoy'ni yuklab olamiz

Avvalo, rasmiy saytga kirib, dasturni olamiz: Ventoy Download

Saytdan siz operatsion tizimingizga qarab quyidagi variantlardan birini tanlashingiz kerak:

Fayl nomi Mos keladigan tizim Hajmi
ventoy-x.x.x-windows.zip Windows foydalanuvchilari uchun ~15 MB
ventoy-x.x.x-linux.tar.gz Linux ishqibozlari uchun ~19 MB
ventoy-x.x.x-livecd.iso Live CD versiyasi -

Windows bo'lsa, .zip faylni yuklab olib, ichidagilarini arxivdan chiqaramiz (Extract).


2-qadam: Fleshkani sehrli qilish

Fleshkangizni kompyuterga suqing (ichida muhim narsa bo'lsa olib turing, chunki u tozalanadi).

  1. Ventoy2Disk.exe faylini ishga tushiring. Ventoy ishga tushirilgandagi holat
  2. Device bo'limida aynan o'sha fleshkangiz tanlanganini yana bir bor tekshiring (boshqa diskni o'chirib yubormang, aylanay).
  3. Install tugmasini bosing. Ventoy fleshkaga o'rnatilgandagi holati

O'rnatish tugagach, fleshkangizning nomi Ventoyga o'zgaradi va u bo'm-bo'sh ko'rinadi. Endi eng zo'r joyi sizga qaysi Windows yoki Linux kerak bo'lsa, ularning .iso faylini shunchaki fleshkaga Copy-Paste qiling. Tamom! Hech qanday murakkab ish qilish shart emas.


3-qadam: BIOS va Boot Menu ishlari

Mana, fayllarni tashladik. Endi kompyuterni o'sha fleshkadan yurgizish (boot) kerak. Buning uchun kompyuter yonayotganda maxsus tugmalarni bosishimiz kerak.

BIOS'ga kirish tugmalari:

Brend Tugma (Key)
Acer F2 yoki DEL
ASUS F2 yoki DEL
DELL F2 yoki F12
HP F10 yoki Esc
Lenovo F2 yoki Fn + F2

Muhim eslatma: BIOS'ga kirgach, Boot bo'limidan Secure Boot qatorini toping va uni Disabled ( o'chirilgan) holatiga keltiring. Aks holda Ventoy'ga Windows ruxsat bermasligi mumkin.

Saqlang va BIOS'dan chiqing. Ho'sh buni uddaladingizmi? Barakalla, shogird!

Boot Menu (Fleshkani tanlash uchun):

Kompyuter qayta yonayotganda quyidagi tugmalarni tez-tez bosing:

Brend Boot Menu tugmasi
ACER F12
ASUS Esc yoki F8
DELL F12
HP Esc yoki F9
LENOVO F12 yoki Fn + F11

4-Qadam: Ventoy ishlashi

Agar hammasi to'g'ri bo'lsa, sizda mana bunday chiroyli menyu ochiladi:

Ventoy menu

Siz tashlagan barcha ISO fayllar shu yerda ro'yxat bo'lib turadi. Keraklisini tanlab, Enter bosasiz.

Ventoy secondary boot menu

Keyingi oyna yuqoridagi rasmdek chiqadi va Boot in normal mode'ni tanlasangiz bo'ldi o'rnatish jarayoni boshlanadi!


Bugun siz bitta fleshkaga butun bir "ustaxona"ni joylashni o'rgandingiz. Ventoy'ning imkoniyatlari juda keng, agar qiziqib qolsangiz, uning rasmiy dokumentatsiyasini ham bir ko'zdan kechirib chiqing.

Keep Learning!

Back to posts